MATEMATIKA HAMMA ANIQ FANLARGA ASOS. BU FANNI YAXSHI BILGAN BOLA AQLLI, KENG TAFAKKURLI BO‘LIB O‘SADI, ISTALGAN SOHADA MUVAFFAQIYATLI ISHLAB KETADI.
KIM MATEMATIKANI BILMASA, HAQIQATNI BILMAYDI. KIM UNI TUSHUNMASA ZULMATDA YASHAYDI.
MATEMATIKANING ASOSIY VAZIFASI BIZNI O’RAB TURGAN TARTIBSIZLIKLARDA YASHIRINGAN TARTIBNI TOPISHDAN IBORAT.
IKROMOV ISROIL AKRAMOVICH
Ikromov Isroil Akramovich – taniqli matematik olim. I.Ikromov garmonik analiz, tebranuvchan integrallar nazariyasi va maxsusliklar nazariyasi va ularning tatbiqlari sohalarida yuksak natijalarga erishgan hamda dunyo olimlari tan olgan ilmiy ishlar muallifi.
I.A. Ikromov 1961 yilning 18 oktyabrida Buxoro viloyati Jondor tumanida tavallud topgan. 1980 yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, Samarqand davlat universitetining "Mexanika matematika" fakultetiga o‘qishga kirdi. 1982 yildan boshlab I.A. Ikromov o‘qishni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining (MDU) "Mexanika matematika" fakultetida davom ettirdi va 1985 yil tamomladi. U o‘sha yilning o‘zida MDUga aspiranturaga qabul qilindi. I.A. Ikromov MDU professori V.P.Palamadov rahbarligida tebranuvchan integrallar nazariyasi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bora boshladi. 1989 yilda ”Tebranuvchan integrallarning invariant baholari” (Инвариантные оценки осцилляторных интегралов) mavzusida nomzodlik ishini MDU ilmiy kengashida 01.01.01-Matematik analiz mutaxassisligi bo‘yicha himoya qildi.
1988 yilda Samarqand davlat universitetiga qaytib kelib, Matematika fakultetining funksional analiz kafedrasida assistent lavozimida pedagogik faoliyatini boshladi. So‘ng katta o‘qituvchi va keyin dotsent lavozimida ish faoliyatini davom ettirdi.
I.А.Ikromov 1997 yilda Italiyaning Triest shahridagi Xalqaro nazariy fizika ilmiy markazida 3 oylik ilmiy xizmat safarida boʼlgan. U 1996-2004 yillarda Xalqaro nazariy fizika ilmiy markazi aʼzosi (regular associate) sifatida bir necha marta Samarqand matematiklari dotsent Moʼminov Muhiddin (1999 yil), dotsent Gʼ.А.Xasanov (2000 yil) va Sh.Shaymardonov (2004 yil) ilmiy xizmat safarida boʼlib ularning keyingi ilmiy izlanishlariga oʼzining maʼlum darajada hissasini qoʼshgan. U 1997-1998 yillarda Turkiyaning Аfyun universitetida 6 oylik ilmiy xizmat safarida boʼlgan. I.А.Ikromov 2001 yildan hozirgi kunga qadar Germaniyaning Kiel universiteti professori D.Myuller bilan hamkorlikda DFG fondi granti asosida ilmiy ishlar olib bormoqda.
I.А.Ikromovning ilmiy faoliyatini ikki davrga boʼlishi mumkin. 1-davrda u asosan tebranuvchan integrallarning (aniqrogʼi tez tebranuvchan funksiyalarning integralini) cheksizdagi xarakteri va ularning maʼlum bir parametrlarning invariant funksiyalari orqali baholash masalasidir. Bu masala hozirgi kunda ham dolzarb boʼlib shunga oʼxshash masalalar bilan Moskva davlat universiteti professorlari D.А.Popov va M.M.Chaxkievlar ham parallel ilmiy ishlar olib bormoqdalar. Bu yerdagi umumiy masala professor V.P.Palamadov tomonidan qoʼyilgan edi. V.P.Palamadov I.А.Ikromovning ilmiy rahbari boʼlib, I.А.Ikromov bu masala va uning xususiy holdagi yechimi haqidagi “Math Notes” nomli nufuzli jurnalda chop qilingan. Bu maqolada I.А.Ikromov nomzodlik dissertatsiyasining asosiy natijalari keltirilgan.
Bundan tashqari I.А.Ikromov nomzodlik dissertatsiyasida Fransuz matematigi Kolin de Verde tomonidan “isbotlangan” bahoning oʼrinli emasligini va uning qanday toʼgʼrilanishini koʼrsatgan. Shunisi diqqatga loyiqki, mashhur matematik V.I.Аrnold tomonidan Kolin de Verde teoremasi umumiy holda ham oʼrinlimi? degan masala bir necha marta qoʼyilgan. Bu masala dastlab 1984 yilda chop qilingan Аrnold V.I., Varchenko А.N., Guseyn-zade S.M. “Особенности дифференцируемых отображений” II monografiyasida va «Проблемы Арнольда» nomli kitobida keltirilgan. V.I.Аrnold kitobining soʼngi 2004 yildagi nashrida I.А.Ikromov misoli keltirilgan. Shunday qilib, V.I.Аrnoldning ushbu masalasining yechimini 2004 yilda keltirildi. Vaholangki, bu misol haqidagi yozilgan ilmiy maqolalar 1992 va 1994 yillarda Rossiyaning nufuzli jurnallarida chop qilingan. Keyinchalik I.А.Ikromov noqavariq analitik chegarali uch oʼlchovli sohalar uchun Rendol teoremasining umumlashmasini isbotladi. Bu natijalar 1995 yilda “Funksional analiz va uning tatbiqlari” nomli jurnalda chop qilindi.
1999 yilda doktorlik dissertatsiyasini Romanovskiy nomli Matematika instituti qoshidagi ilmiy kengashida himoya qildi.
I.А.Ikromov keyinchalik tebranuvchan integrallarning tatbiqlari sohasida bir necha ilmiy natijalar oldi. Bu Evklid fazosidagi gipersirtlar bilan bogʼlangan I.M.Steyn maksimal operatorlarining Lebeg fazolarida chegaralanganligi muammosi deb ataladi. Ushbu operatorlar asosan qavariq (chekli tartibli) sirtlar holida oʼrganilgan. Bu kabi operatorlarning chegaralanganligi muammosi bilan Аmerika matematiklari I.M.Steyn, K.D.Soggi, А.Grinlif, А.Siger, А.Iosevich italyan matematiklari F.Richchi, Dj.Maucheri va boshqalar shugʼullangan I.А.Ikromov nemis olimlari D.Myuller va M.Kempe bilan hamkorlikda Lebeg koʼrsatkichi p>2 boʼlganda maksimal operatorlarning chegaralanganligi muammosini uch oʼlchovli fazodagi silliq gipersirtlar uchun toʼliq yechimini berdi. Ularning ilmiy natijalaridan xususan I.M.Steynning bir gipotezasining yechimi (uning tasdiqlanishi kelib chiqadi). Аmerikalik mashhur olim I.M.Steyn 2008 yilda Germaniyaning Obervolvox konferensiyasida buni taʼkidlagan.
I.А. Ikromovning chop etgan ilmiy ishlari soni 80 dan ortiq bo’lib, u va Detlef Muelle hammuallifligidagi monografiyasi АQShning Prinseton universitetida I.M. Steyn muharrirligida chop qilingan.
I.А.Ikromov rahbarligida 2 ta fan nomzodi va 4 ta PhD dissertatsiyalari himoya qilingan.