G‘AYBULLA NAZRULLAYEVICH SALIXOV
(15.03.1932-  11.12.1979)

Taniqli olim, fizika-matematika fanlari doktori G‘.N.Salixov 1932  yil  15 martda Buxoroda tug‘ildi. O‘rta maktabni muvaffaqiyatli tugatib, 1953 yilda O‘rta Osiyo Davlat Universitetining (hozirda O‘zbekiston Milliy Universiteti) fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. Universitetni tugatgandan keyin, 1958 yilda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Matematika institutiga yo‘llandi. U 1960 yilda aspiranturaga qabul qilindi va Rossiya Fanlar Akademiyasi Sibir bo‘limining Matematika institutiga (hozirda S.L.Sobolev nomidagi Matematika instituti) komandirovkaga yuborildi, u yerda akademik S.L.Sobolev rahbarligida taqribiy integrallash masalalari bilan shug‘ullandi. 1964 yilda “To‘rt o‘lchovli fazo sferasi sirtida ba’zi kubatur formulalar” nomli nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

U 1964 yildan 1966 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Hisoblash Markazli Kibernetika institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi, hamda 1966 yildan 1976 yilgacha “Taqribiy integrallash nazariyasi” laboratoriyasiga boshchilik qildi. Bir vaqtni o‘zida u Toshkent Davlat Universitetida ham pedagogik faoliyat yuritdi. 1967-1972 yillarda Hisoblash matematikasi kafedrasiga mudirlik qildi, hamda 1972 yildan 1976 yilgacha kafedra dotsenti bo‘ldi. 1976 yildan  hayotining oxirigacha Toshkent Davlat Universitetining Amaliy matematika va mexanika fakulteti dekani va bir vaqtning o‘zida Hisoblash matematikasi kafedrasiga mudiri  bo‘lib ishladi.

Favqulodda iste’dod va hartomonlama matematik tayyorgarlik G‘.N. Salixovga taqribiy integrallash nazariyasining alohida murakkab masalasini yechishga ko‘p o‘lchovli  sferalar uchun kubatur formulalar ishlab chiqishga imkon berdi. Bu tugallangan matematik izlanish 1979 yilda Novosibirskda u tomonidan ajoyib himoya qilingan “Ko‘p o‘lchovli sferalarda kubatur formulalar nazariyasiga” nomli doktorlik dissertatsiyasidir. Bu doktorlik dissertatsiyasi “Ko‘p o‘lchovli sferalar uchun kubatur formulalar” nomli monografiyasining asosi bo‘ldi. U tomonidan respublika va chet el jurnallarida oltmishdan ortiq ilmiy maqolalar chop etildi. G‘.N.Salixov O‘zbeksitonda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga katta hissa qo‘shdi. U Rossiyaning ilmiy markazlarida va ayniqsa Novosibirskda o‘qigan yoshlarning sevimli ustozlaridan biri edi.

G‘.N.Salixov ta’lim tarbiyaviy va ilmiy ishlarni jamoat ishlari bilan birgalikda olib borar edi. Ko‘p yillar mobaynida u “O‘zFA axborotlari”, fizika-matematika seriyasi jurnali – hozirgi O‘zbekiston matematika jurnali, “Hisoblash va amaliy matematika muammolari” to‘plami redkollegiyalari, O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi matematika bo‘limi, O‘zR Oliy Ta’lim Vazirligi “kibernetika” va “matematika” bo‘limlari, “Bilim” jamiyati boshqaruv byurosi, Toshkent Davlat universiteti ilmiy-metodik va ilmiy kengashlari a’zosi hamda amaliy matematika va mexanika fakulteti ilmiy kengashi raisi bo‘ldi. Uning rahbarligida Toshkentda kubatur formulalar nazariyasi bo‘yicha xalqaro kollokviumlar ko‘p martalab tashkil qilindi va o‘tkazildi.

Akademik S.L.Sobolevning taqribiy integrallash ilmiy maktabi zamonaviy matematik metodlarni qo‘llash tufayli dunyoda yetakchi o‘rinni egalladi. Bu maktabning atoqli vakillaridan biri ajoyib matematik va pedagog G‘.N.Salixov edi. U hozirgi davrda dunyo mutaxassilari orasida tan olingan “Taqribiy integrallash nazariyasi”  o‘zbek maktabining boshida turgan edi.

Olim 1979 yil 11 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

Taniqli olim va ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson G‘.N. Salixovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.