МАТЕМАТИКА - ОСНОВА ВСЕХ ТОЧНЫХ НАУК. РЕБЕНОК, ХОРОШО ЗНАЮЩИЙ ЭТУ НАУКУ, ВЫРАСТАЕТ УМНЫМ, С ШИРОКИМ КРУГОЗОРОМ. УСПЕШНО СМОЖЕТ РАБОТАТЬ В ЛЮБОЙ СФЕРЕ.
ТОТ, КТО НЕ ЗНАЕТ МАТЕМАТИКИ, НЕ ЗНАЕТ ИСТИНЫ. ТОТ, КТО ЭТОГО НЕ ПОНИМАЕТ, ЖИВЕТ ВО ТЬМЕ.
ОСНОВНАЯ ЗАДАЧА МАТЕМАТИКИ - НАЙТИ ПОРЯДОК, СКРЫТЫЙ В ОКРУЖАЮЩЕМ НАС ХАОСЕ.
Shoimqulov Baxodir Allaberdiyevich
Atoqli matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Baxodir Shoimqulov 1959 yil 22 fevralda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan. 1981 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi matematik. 1989 yilda “О характеризации следов голоморфных функций и интеполационых формулах Карлемана” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2005 yilda esa “Интегральные методы в теории функций от матриц” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Baxodir Shoimqulov o‘z mehnat faoliyatini 1982 yilda Toshkent davlat universiteti “Matematik analiz” kafedrasida assistent-o‘qituvchi sifatida boshlagan. 1984-85 yillarda Toshkent davlat universiteti stajyor-tadqiqotchi sifatida ilmiy-tadqiqotlar olib borib, 1985-88 yillarda Rossiya federatsiyasi Krasnoyarsk shahridagi fizika institutida aspiranturada tahsil olgan. 1989 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan so‘ng, 2001 yilga qadar “Matematik analiz” kafedrasi kata o’qituvchisi, 2001-2003 yillarda kafedra mudiri, 2003-2013 yillarda esa Mirzo Ulug’bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti mexanika-matematika fakulteti dekani lavozimlarida faoliyat olib bordi. Oliy ta’lim tizimidagi boshqaruv faoliyatini samarali davom ettirib, Baxodir Shoimqulov 2012-2014 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida o’quv ishlari bo‘yicha prorektor hamda ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi, 2014-2021 yillarda esa Qarshi davlat universiteti rektori sifatida faoliyat olib borib, Qashqadaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga o‘zining salmoqli xissasini qo’shdi. 2021 yildan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Matematik analiz” kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda.
Baxodir Shoimqulov ko‘p yillar davomida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan bo‘lishiga qaramay, ilm bilan shug‘ullanishga, shogirdlari bilan turli xil yechimini topmagan masalalarni muhokama qilishga hamisha vaqt topadi. Shu bilan birga, o‘zi faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasining xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratib, chet eldagi turli hamkor oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlardagi hamkasblari bilan ilm-fan sohasida turli ilmiy seminarlar va konferensiyalar tashkil qilib keladi.
Baxodir Shoimqulovning ilmiy izlanishlari kompleks analizning integral formulalar va chegirmalar nazariyasi dolzarb muammolariga bagʻishlangan boʻlib, uning olgan ilmiy natijalari bir qator nufuzli chet el olimlarining monografiyalari va oʻquv qoʻllanmalaridan joy olgan. Yevropa va Amerikaning bir nechta yetakchi universitetlarida ilmiy ma’ruzalar qilgan.
Baxodir Shoimqulov qaysi lavozimda ishlamasin, asosiy e’tiborni u iqtidorli yoshlarni tanlash, ularga alohida shart-sharoitlar yaratib, ilm-fanga yoʻnaltirishga qaratadi. Oʻzbekiston Milliy universiteti mexanika-matematika fakulteti dekani paytida fakultet talabalarining matematika boʻyicha jahon olimpiyadasida erishgan natijalariga koʻra yuqori oʻrinlarni egallab kelgan. Qarshi davlat universitetining yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlanishi va universitetda qoʻshma ta’lim yoʻnalishlarning ochilishi, xorijiy ilmiy Markazlar bilan ilmiy aloqalarning oʻrnatilishi, qator xorijiy grantlarning qoʻlga kiritilishi, ilmiy darajalar beruvchi kengashlarning faoliyat olib borishi Baxodir Shoimqulov rektorlik davriga toʻgʻri kelgan.
Baxodir Shoimqulov rahbarligida 10 dan ortiq matematika boʻyicha falsafa doktorlari va magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan. U 60 dan ortiq ilmiy maqolalar chop qilgan, ularning koʻpchiligi chet ellarda nufuzli jurnallarda bosilgan, 2 ta monografiya (Rossiya Federatsiyasida chop etilgan) va 5 ta oʻquv qoʻllanmalar muallifi.
Baxodir Shoimqulov Oʻzbekiston matematiklar jamiyati vitse prezidenti sifatidagi faoliyatini iqtidorli yoshlarni maktab va litseylardan boshlab tanlash, tarbiyalash va ilm-fanga jalb qilishga qaratgan.
Baxodir Shoimqulov oliy ta’lim tizimida yuqori malakali qadrlar tayyorlashda jonkuyarlik bilan faoliyat koʻrsatib kelmoqda. U Qarshi davlat universiteti huzuridagi PhD 03/30.06.2020.FM.70.04 raqamli ilmiy kengash raisi, Samarqand davlat universiteti huzuridagi PhD 27.06.2017.FM.02.01 raqamli ilmiy kengash a’zosi va bu ilmiy kengashlar qoshidagi seminarlar a’zosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Koʻp yillik mehnati, fan-ta’lim sohalarini qoʻshgan hissasi, jamoat ishlarida faol ishtiroki uchun Baxodir Shoimqulov 2016-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoni hamda 2017-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25-yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.