MATEMATIKA HAMMA ANIQ FANLARGA ASOS. BU FANNI YAXSHI BILGAN BOLA AQLLI, KENG TAFAKKURLI BO‘LIB O‘SADI, ISTALGAN SOHADA MUVAFFAQIYATLI ISHLAB KETADI.
KIM MATEMATIKANI BILMASA, HAQIQATNI BILMAYDI. KIM UNI TUSHUNMASA ZULMATDA YASHAYDI.
MATEMATIKANING ASOSIY VAZIFASI BIZNI O’RAB TURGAN TARTIBSIZLIKLARDA YASHIRINGAN TARTIBNI TOPISHDAN IBORAT.
SIROJIDDINOV SAʼDI HASANOVICH
(10.05.1920-29.04.1988)
Аkademik, fizika-matematika fanlari doktori, professor Sirojiddinov Saʼdi Hasanovich hayoti va faoliyati
Sirojiddinov Saʼdi Hasanovich – atoqli matematik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Davlat mukofotlari laureati.
Saʼdi Hasanovich Sirojiddinov 1920-yilning 10-mayida Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1942-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) imtiyozli diplom bilan tugatgan. O‘sha yili u faol harbiy xizmatga chaqirilgan. 1944-yilda Saʼdi Hasanovich aspiranturaga o‘qishga kirdi va 1947-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi (uning ilmiy rahbari akademik V.I.Romanovskiy bo‘lib, Saʼdi Hasanovichning olim va shaxs sifatida shakllanishiga katta hissa qo‘shgan). 1949–1952-yillarda Saʼdi Hasanovich Moskvadagi V.А.Steklov nomidagi Matematika institutida XX asrning taniqli matematigi, akademik Аndrey Nikolaevich Kolmogorov rahbarligida doktoranturada o‘qidi va 1953-yili o‘sha institutda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Dissertatsiya himoyasidan so‘ng ustozi А.N.Kolmogorov tavsiyasiga binoan Saʼdi Hasanovich 1953–1956-yillarda Moskva davlat universitetida professor bo‘lib ishlagan. 1957-yili Toshkentga qaytib kelgach, Saʼdi Hasanovich O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika institutining direktori (1957-1966) etib tayinlandi. U 1956-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi etib, 1966-yilda esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi. Аkademik S.H.Sirojiddinov Toshkent davlat universitetining Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasini 1958–1988-yillarda boshqargan, Toshkent davlat universiteti rektori lavozimida ishlagan (1966-1971 va 1983–1987-yillarda), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti (1971-1983) lavozimida ishlagan.
S.H.Sirojiddinov ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika, matematik tahlil, O‘rta Osiyodagi matematika tarixi, qisqasi O‘zbekistonda matematikaning deyarli barcha sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
S.H.Sirojiddinovning tashabbusi va yordami bilan ko‘plab yosh olimlar Moskva, Leningrad (hozirgi S.Peterburg), Novosibirsk, Kievdagi ilmiy institutlar va oliy o‘quv yurtlariga amaliyot o‘tash yoki aspiranturada o‘qish uchun yuborilgan, bu esa ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga va yangi ilmiy yo‘nalishlarga chiqishga imkon berdi.
S.H.Sirojiddinovning roli haqida gapirganda uning O‘zbekistonda matematikani rivojlantirishda maktab matematikasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligini esga olmasdan bo‘lmaydi. U matematik fanlar binosining poydevori maktab matematikasida yotganligini chuqur angladi. 1962-yildan boshlab har yili O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Respublika matematika olimpiadalarini o‘tkazilishiga asos soldi.
S.H.Sirojiddinov O‘rta Osiyo respublikalaridagi ko‘plab matematiklarning shakllanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Uning taʼsiri ostida o‘sgan olimlar doirasi juda keng bo‘lib, uning bevosita rahbarligi ostida 10 nafardan ortiq fan doktori va 40 nafardan ortiq fan nomzodlari tayyorlandi.
S.H.Sirojiddinov boshchiligidagi matematiklarning erishgan yutuqlarini dunyo olimlari tomonidan eʼtirof etilishi Toshkentda o‘tkazilgan ehtimollar nazariyasi bo‘yicha Sovet-Yaponiya simpoziumi (1975) va Bernulli matematik statistika va ehtimollar nazariyasi jamiyatining birinchi Jahon kongressi (1986) bo‘ldi. Bunday katta kongressni muvaffaqiyatli o‘tkazishga S.H.Sirojiddinov umrining so‘nggi yillarini bag‘ishladi. Uning ilmiy va tashkiliy faoliyatida anʼanaviy “Farg‘ona Kollokviumi” deb nomlangan ehtimolliklar nazariyasining limit teoremalari va ularning tadbiqlari bo‘yicha konferensiyalar alohida o‘rin egallaydi. Farg‘ona kollokviumi 1962, 1972, 1983-yillarda Saʼdi Hasanovichning hayotlik paytida o‘tkazilgan va ular ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika sohasidagi mutaxassislar orasida muhim voqealarga aylangan. 1995, 2005, 2011 va 2015-yillarda bo‘lib o‘tgan navbatdagi to‘rtta kollokvium S.H.Sirojiddinovning xotirasiga bag‘ishlandi. Saʼdi Hasanovich o‘nlab xalqaro ilmiy konferensiyalar va eng yuqori darajadagi simpoziumlarning tashkiliy qo‘mitasi aʼzosi bo‘lgan va maʼruzalar bilan qatnashgan. Ular orasida: Xalqaro statistika institutining yig‘ilishi (1957, Gaaga, Gollandiya), Xalqaro matematiklar kongressi (1958, Edinburg, Shotlandiya), Vaqt qatorlarini o‘rganish bo‘yicha simpozium (1962, Provans, АQSh), Xalqaro statistika instituti (1966, Gaaga, Gollandiya), Matematiklarning xalqaro kongressi (1966, Moskva), Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasining simpoziumi (1970, Kanada; 1975, Kanada; 1985, АQSh), Ehtimollar nazariyasi bo‘yicha II Yaponiya-Sovet simpoziumi (1972, Kioto, Yaponiya), ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistikaga oid xalqaro konferensiyalar (1973, 1977, 1981, 1981, Vilnyus, Litva), Yevropa statistiklarining uchrashuvi (1981, Varshava, Polsha), Ehtimollar nazariyasi bo‘yicha Yaponiya-Sovet simpoziumi (1986, Tokio, Yaponiya) va boshqalar. U ko‘plab xorijiy universitetlarda (Hindiston, Chexoslovakiya, Shvetsiya, Germaniya va boshqalar) maʼruzalar qilish uchun taklif qilingan.
S.H.Sirojiddinovning ilmiy yutuqlari eʼtirof etilishiga uning xalqaro Statistika instituti (Gaaga, 1966) va Moskva matematiklar jamiyatiga (1956) aʼzo etib saylanishi, unga А.R.Beruniy (1973) nomidagi davlat mukofotining berilishi va O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvonining berilishi (1970), shuningdek bir qator xorijiy universitetlarning faxriy doktori etib saylanishi misol bo‘ladi.
Matematika fanini rivojlantirish va ilmiy kadrlar tayyorlashdagi ulkan yutuqlari, shuningdek samarali ijtimoiy faoliyati uchun hayotlik davomida S.H.Sirojiddinov eng yuqori davlat mukofotlari, ko‘plab orden va medallar bilan taqdirlangan. 2002-yilda (vafotidan keyin) “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.