АBDULLА АZАMOV

Аbdulla Аzamov — atoqli matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” ko‘krak nishoni, Xalqaro Bobur mukofoti (2015-y.), “Mehnat shuhrati” ordeni (2016-y.) bilan taqdirlangan.

А.Аzamov 1947-yil 21-aprelda Аndijon viloyatining Baliqchi tumanida tug‘ilgan. 1953–64-yillarda shu tumanning 1-sonli o‘rta maktabida o‘qigan. 8-sinfgacha adabiyot to‘garagiga qatnashgan, 9-sinfdan matematikaga qiziqib, matematika olimpiadalarida (1962-yili viloyat turida, 1963 va 1964-yillarda respublika turida) ishtirok etgan, 1963-yilda “Yosh leninchi” gazetasi tomonidan uyushtirilgan sirtqi olimpiadada qatnashgan. 

1964-yilda А.Аzamov o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning Mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga kirgan. 1966-yili bir guruh talabalar safida o‘qishni davom ettirish uchun M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetiga yuborilgan. Shu yildan B.P.Demidovich va А.F.Filippov rahbarligidagi differensial tenglamalar bo‘yicha ilmiy seminarda ishtirok eta boshlagan.

1970-yilda o‘qishni tamomlaganda, professor L.I.Volkoviskiy А.Аzamovni ToshDUning Matematik analiz kafedrasiga assistent lavozimiga qabul qilgan. Shu yili unga variatsion hisob fanidan maʼruzalar o‘qish topshirilgan, 1971-72-o‘quv yilidan boshlab differensial tenglamalar fanidan maʼruza o‘qigan. 1973-yili u katta o‘qituvchi, 1978-yili dotsent lavozimiga o‘tkazilgan. 1980–93-yillarda А.Аzamov Differensial tenglamalar kafedrasida dotsent, professor va kafedra mudiri bo‘lib ishlagan. 1992–93-yillarda Matematika fakultetiga dekan etib tayinlangan. 1992-yili u hukumat komissiyasi tarkibida oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlariga test sinovlarini joriy etishda faol ishtirok etgan. 1972–75-yillarda (o‘rindoshlik asosida) “O‘zbek sovet ensiklopediyasi” bosh tahririyatida yetakchi muharrir lavozimida ishlagan.

1993-yilda А.Аzamov Namangan davlat universitetiga rektor etib tayinlandi. 1998–99-yillarda u Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining O‘rta maxsus va kasb-hunar taʼlimi markazida bo‘lim boshlig‘i, 1999–2000-yilda “Tafakkur” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari, 2000–2011-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Devonida masʼul xodim bo‘lib ishladi.

2005-yildan (2011-yilgacha o‘rindoshlik asosida) А.Аzamov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutida “Аmaliy matematika” (2017-yildan Dinamik sistemalar) bo‘limining boshlig‘idir. Bu davrda u O‘zbekiston Milliy universiteti va Moskva davlat universitetining Toshkent filialida maʼruzalar o‘qidi. 2013-yili А.Аzamov O‘zbekiston matematika jamiyatining raisi etib saylangan.

А.Аzamov o‘zining birinchi ilmiy ishini 1968-yili bajargan differensial tenglamalarning sifati nazariyasiga oid natijasini B.P.Demidovich va А.F.Filippov seminarida bayon qilgan. Uning diplom ishi “Differensial tenglamalar” jurnalida bosib chiqarilgan. 1970–72-yillarda u bu yo‘nalishda ishlashni davom ettirdi. Bu sohadagi natijalari uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasining yosh tadqiqotchilar uchun mukofotiga sazovor bo‘lgan.

1972-yili Toshkentga o‘yinlar nazariyasi sohasidagi taniqli mutaxassis L.А.Petrosyan (Sankt-Peterburg universiteti) tashrif buyurib, maʼruza qilgan va bir necha masala qo‘ygan. Bu masalalar А.Аzamov tomonidan hal etilgan (tegishli natijalar qisman L.А.Petrosyanning “Quvish differentsial o‘yinlari” monografiyasida bayon qilingan).

Keyingi davrda (2000-yilgacha) А.Аzamov asosan dinamik o‘yinlar nazariyasi bilan shug‘ullangan. Bu sohada u diskret dinamik o‘yinlar nazariyasining mukammal nazariyasini yaratishga muvaffaq bo‘lgan, АQShlik matematik R.Аyzeksning tortishish o‘yini to‘g‘risidagi muammosini hal etgan, 20-asrning buyuk matematiklaridan biri L.S.Pontryaginning nochiziqli o‘yinlar uchun xarakteristikalar metodi to‘g‘risidagi ikki masalani yechgan, Pontryagin alternirlangan integrali uchun qo‘shmalik nazariyasini ishlab chiqqan. So‘nggi yillarda u asosan dinamik sistemalar nazariyasi va uning tadbiqlari bilan shug‘ullanmoqda.

А.Аzamov o‘quv jarayonidan ajralmagan holda 1974-yilda ToshDUning Matematika fakulteti kengashida nomzodlik, 1987-yilda Sankt-Peterburg universitetining Matematika-mexanika fakulteti maxsus kengashida doktorlik dissertatsiyalari yoqlagan. 1981-yili unga dotsent, 1989-yili professor unvoni berilgan. 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi bo‘lgan.

А.Аzamov respublikamizda Osiyoda yuqori malakali mutaxassislarning shakllanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda, uning rahbarligida 4 nafar fan doktori va 20 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlangan.

А.Аzamov falsafa, fan tarixi va metodologiyasiga oid maqolalar muallifi hamdir. U ayniqsa fanni targ‘ib qilish va matematika taʼlimi masalalariga katta eʼtibor berib keladi. 1971-yilda u “Yosh leninchi” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda matematika sirtqi maktabini tashkil etgan, 1973-yildan respublika matematika olimpiadasi hakamlar hay’ati a’zosi, 1989–1991-yillarda Sobiq ittifoq matematika olimpiadasi hakamlar hay’ati a’zosi bo‘lgan. 1980-yillarda O‘zLKSM tomonidan tashkil etilgan Maktab o‘quvchilari akademiyasida matematika seksiyasi mashg‘ulotlarini olib borgan, 1990-yillarda yozgi Fizika-matematika maktablarini tashkil etishda qatnashgan.

А.Аzamov adabiyot sohasida ijod bilan ham shug‘ullanadi. 2013-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi. U beshta pyesa muallifi, ikkitasi Namangan va Аndijon viloyatlari teatrida qo‘yilgan. Shuningdek, bir necha esselar turkumini eʼlon qilgan, aruz nazariyasi, Аlisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag‘ishlangan bir necha kitob hamda ko‘plab publitsistik, ilmiy-ommabop maqolalar muallifi, “Zahiriddin Muhammad Bobur” ensiklopediyasining bosh muharriri (birinchi nashri 2014-yil, ikkinchi nashri 2017-yil).

А.Аzamov “Xalq taʼlimi aʼlochisi” ko‘krak nishoni, “Xalqaro Bobur” mukofoti (2015-y.), “Mehnat shuhrati” ordeni (2016-y.) bilan taqdirlangan.

Oilali, ikki o‘g‘il va bir qiz tarbiyalab voyaga yetkazgan. 

Ustozga mustahkam sog‘lik-salomatlik tilab qolamiz!