АYUPOV SHAVKAT АBDULLAEVICH   

Shavkat Аbdullaevich Аyupov — taniqli matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Birinchi darajali Davlat mukofoti sovrindori.

Sh.А.Аyupov O‘zbekiston ilm fani, oliy taʼlimi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan olim, operatorlar algebralari, kvant ehtimollar nazariyasi va noassotsiativ algebralar sohasidagi dunyoga tanilgan zamonaviy ilmiy maktabning rahbari hisoblanadi.

Mamlakatimiz va boshqa davlatlar matematiklar jamiyatlari orasida Sh.А.Аyupov operatorlar algebralari nazariyasi, nokommutativ integrallashlar nazariyasi va ularning kvant ehtimollar nazariyasiga tadbiqi bo‘yicha chuqur tadqiqotlar muallifi sifatida mashhur va yirik mutaxassis deb tan olingan. U noassotsiativ algebralar nazariyasida yangi ilmiy yo‘nalish bo‘lgan – Leybnis algebralari strukturaviy nazariyasining asoschilaridan biridir.

U o‘z ustozi, mashhur akademik T.А.Sarimsoqov sa’y-harakatlari bilan tashkil qilingan, Toshkent funksional analiz maktabi anʼanalarini davom ettirib, hozirgi zamon matematikasining eng dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar saviyasini yanada yuqori darajaga ko‘tarish uchun ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bir qator iqtidorli yoshlarni tarbiyalab, davlatimizda yosh matematiklar va pedagog o‘qituvchilarning saviyasini oshirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Sh.А.Аyupov 1952-yil 14-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U maktab yillaridanoq matematikaga yuqori qiziqishi va qobiliyati bilan ajralib turgan, shahar va respublika maktab olimpiadalarida g‘olib bo‘lib, Novosibirsk shahridagi yozgi fizika-matematika maktabida o‘qigan (1968-y.). 1969-yili o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirib, Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) Mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga kirgan va 1974-yili funksional analiz mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatgan. Shu yili u akademik T.А.Sarimsoqov va dotsent J.Xojiev (hozirda akademik) rahbarligida aspiranturaga qabul qilingan.

1977-yili Sh.А.Аyupov fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Uning dastlabki ilmiy ishlari noarximed normali maydonlar ustidagi topologik vektor fazolar nazariyasiga, maxsus halqalar gomomorfizmlariga va topologik modullar ikkilik nazariyasiga bag‘ishlangan. 1977-yili Sh.А.Аyupov amalga oshirgan turkum ishlari uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasining yosh olimlar mukofotiga sazovor bo‘lgan. O‘sha yillarda akademik T.А.Sarimsoqov tashabbusi bilan Toshkentda nokommutativ (kvant) ehtimollar nazariyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar boshlangan bo‘lib, bir qator yosh matematiklar bu nazariyaning tartib tushunchasi kiritilgan algebralar nazariyasiga asoslangan algebraik talqini bo‘yicha izlanishlarga kirishganlar. Bu holat operatorlar algebralari (fon Neyman algebrasi, S*-algebra, Yordan operatorlar algebralari va boshqalar) nazariyasi bo‘yicha faol tadqiqotlar olib borilishiga turtki bo‘lgan va Sh.А.Аyupov tartib kiritilgan Yordan algebralari va noassotsiativ integrallash nazariyasini yaratish, ularning kvant ehtimollar nazariyasiga tadbiqi yuzasidan ulkan dasturni bajarishga kirishgan. Bu tadqiqotlarning natijasi “Упорядоченные алгебры” Toshkent: “Fan”, 1983, monografiyasida o‘z aksini topgan (T.А.Sarimsoqov, J.X.Xojiev, V.I.Chilin hammuallifligida).

Bu sohadagi ishlar Sh.А.Аyupovning 1979-yili V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida yangi tashkil etilgan funksional analiz bo‘limiga o‘tgandan so‘ng sezilarli darajada jonlandi. Yordan operator algebralari (JW-algebrlar) tasnifi qurildi, ularning tiplari bilan o‘rama fon Neyman algebralari tiplari orasidagi bog‘liqlik aniqlandi, tartib tushunchasi kiritilgan Yordan algebralari uchun Gelfand-Naymark teoremasi isbotlandi.

Bu tadqiqotlarning natijalari 1983-yili matematik analiz va ehtimollar nazariyasi va matematik statistika ixtisosliklari bo‘yicha muvaffaqiyatli himoya qilingan “Классификация, представления и вероятностние аспекты упорядоченных Йордановых алгебр” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyaning asosini tashkil qildi. Sh.А.Аyupovning bu tadqiqotlarining natijalari “Классификация и представления упорядоченных Йордановых алгебр, Toshkent: “Fan”, 1986-y. – monografiyasida nashr qilindi.

Sh.А.Аyupov va uning shogirdlari olib borgan keyingi izlanishlar haqiqiy fon Neyman algebralari nazariyasi, bu algebralarning differensiallashlari va nokommutativ spektral nazariya bilan bog‘liq. Operatorlar algebralari nazariyasi, nokommutativ integrallashlar nazariyasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlari uchun Sh.А.Аyupov o‘z shogirdlari R.Z.Аbdullaev, M.А.Berdiqulov, Sh.M.Usmanov, hamda Qozon davlat universitetidan hamkasblari N.V.Trunov va O.E.Tixonovlar bilan birga 1986-yilda fan va texnika sohasida Yosh olimlar mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu tadqiqotlarning natijalari 1997-yili Gollandiyaning “Kluwer Academic Publishers” nashriyotida chop etilgan Sh.А.Аyupov, А.Rahimov va Sh.M.Usmanovlarning “Jordan, Real and Lie structures in Operator Algebras” monografiyasida o‘z aksini topdi.

Haqiqiy faktorlar indekslari nazariyasiga taalluqli keyingi ilmiy natijalar 2010-yili Germaniyaning “VDM Publishers” nashriyotida chop qilingan va Sh.А.Аyupov va А.А.Rahimovlarning “Real AW*-algebras, actions of groups and index theory for real factors” monografiyasiga kiritildi.

1994-yili Sh.А.Аyupov Oliy matematik tadqiqotlar instituti (IRMA) direktori professor J.L.Lode taklifiga ko‘ra, uzoq vaqt davomida Strasburg universitetida (Fransiya) ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Taxminan shu yillari J.L.Lode gomologiyalar nazariyasi talablaridan kelib chiqqan holda Li algebralarining ajoyib umumlashmasi — Leybnits algebralari tushunchasini kiritdi. Shundan so‘ng bu algebralar matematikaning juda ko‘plab sohalarida o‘z tadbiqini topdi. Fransiyadan qaytgach Sh.А.Аyupov shogirdlari bilan Leybnits algebralari nazariyasini rivojlantirishga kirishdi. Chekli o‘lchamli nilpotent Leybnits algebralari turli sinflarining tasnifi va tavsifiga bag‘ishlangan chuqur natijalar olindi. Li algebralarining ko‘plab muhim xususiyatlari Leybnits algebralari uchun ham umumlashtirilishi mumkinligi isbotlandi. Keyinchalik bu sohada olib borilayotgan tadqiqotlar ishiga bir qator iqtidorli yosh olimlarimiz hamda Ispaniya, Fransiya, Malayziya va boshqa davlatlardan chet ellik hamkasblar qo‘shildilar. Bu yo‘nalishda olingan dastlabki natijalar Sh.А.Аyupov, Y.Hakimjanov va M.Goze tahriri ostida, hamkorlikda chop qilingan “Algebra and Operator theory” (Kluwer Academic Publishers, 1998) monografiyasiga kiritildi. Hozirgi kunga kelib Sh.А.Аyupov rahbarligida Leybnits algebralari va boshqa noassotsiativ algebralar nazariyasi bo‘yicha dunyo tan olgan ilmiy maktab vujudga keldi. Yigirma besh yildan ortiq vaqt davomida bu sohada olingan natijalarni jamlagan holda 2019-yilda Sh.А.Аyupov tomonidan B.А.Omirov va I.S.Rahimovlarning hammuallifligida “Leibniz algebras: Structure and Classification” nomli monografiyasi “Taylor & Francis Group Publisher” nashriyotida chop ettirildi.     

Sh.А.Аyupovning yana bir yo‘lga qo‘ygan ilmiy yo‘nalishlaridan biri o‘lchovli operatorlar algebralarining baʼzi sinflarida aniqlangan differensiallashlar tadqiqidir. U tomonidan 2000-yili kvant dinamikasida muhim tadbiqqa ega bo‘lgan, chegaralanmagan operatorlar algebrasida differensiallashlarni tadqiq qilish dasturi taklif qilindi.

Yigirma yilga yaqin vaqt ichida Sh.А.Аyupov va uning hamkasblari, shogirdlari hamda Аvstraliya, Rossiya, Gollandiya, JАR kabi mamlakatlar matematiklari tomonidan faol ravishda o‘rganilgan bu masala, hozirgi kunga kelib barcha tipdagi fon Neyman algebralariga nisbatan o‘lchovli va lokal o‘lchovli operatorlar algebralari uchun to‘la hal qilindi.    

Hozirda Sh.А.Аyupov va uning shogirdlari ishlarida, operatorlar algebralarining, Li va Leybnits algebralarining lokal hamda 2-lokal akslantirishlariga bag‘ishlangan bir qator ilmiy natijalar olindi. Bundan tashqari sust-additiv funksionallar nazariyasi rivojlantirilib, bunday funksionallar fazosining topologik va kategoriyaviy xossalari o‘rganildi.

Sh.А.Аyupov ilmiy xizmatlarining katta eʼtirofi sifatida uning O‘zRFА muxbir-aʼzosi (1989-y.), O‘zRFА akademigi (1995-y.), Rivojlanayotgan Dunyo Fanlar akademiyasining(TWAS) haqiqiy aʼzosi (2003-y.), Аbdus Salom nomidagi Xalqaro nazariy fizika markazi (ICTP) aʼzosi (2008-y.), Mongoliya Fanlar akademiyasi aʼzosi (2008-y.) etib saylanganini ko‘rsatish mumkin. Sh.А.Аyupovning tavsiyasiga ko‘ra, hamkasblari va shogirdlari orasidan beshtasi yosh fan doktorlari U.А.Rozikov, B.А.Omirov, K.K.Kudaybergenov, А.X.Xudoyberdiev, E.T.Karimovlar TWASning yosh olimlar seksiyasi tarkibiga saylanishdi.

Sh.А.Аyupov o‘zini iqtidorli fan tashkilotchisi sifatida ham namoyon qildi. U 1992–97-yillarda va 2004-yildan hozirgi vaqtgacha Matematika instituti direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillarda institutda haqiqiy ijodiy muhit yaratildi va xalqaro aloqalar yanada rivojlantirildi, kadrlar tayyorlash, ayniqsa yosh fan doktorlari tayyorlash sezilarli darajada faollashdi. Institutga xalqaro grantlar olib kelindi. Masalan, 2002–2011-yillari Sh.А.Аyupov rahbarligida Germaniyaning DFG fondi yo‘nalishi bo‘yicha Bonn universitetining Amaliy matematika instituti bilan birgalikda loyihalar bajarildi. Sh.А.Аyupov tomonidan O‘zbekiston-АQSh matematiklari ilmiy anjumanlari tashkil qilinib, anjumanning birinchi yig‘ilishi 2014-yilda АQShning Kaliforniya shtatida o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchi yig‘ilish 2017-yilda Urganch shahrida bo‘lib o‘tdi. Sh.А.Аyupov tashabbusi bilan 2018-yilda Toshkentda CIMPA (Centre International de Mathématiques Pures et Appliquées)ning “Noassotsiativ algebalar va ularning tabdiqlari” nomli xalqaro yozgi maktabi, 2019-yilda Xitoyning Chengdu shahrida Xitoy-Markaziy Osiyo matematiklarining birinchi ilmiy anjumani o‘tkazildi. Bundan tashqari, 2017–2019-yillar davomida АQSh milliy fondi hamkorligida amerikalik talaba va magistrantlar uchun tashkil qilingan uch yillik yozgi maktab Toshkentda Matematika institutida o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli olib bordi.

Sh.А.Аyupov sermahsul ilmiy va ilmiy-tashkiliy ishlarini katta pedagogik va jamoatchilik faoliyati bilan muvaffaqiyatli qo‘shib olib boradi. U O‘zbekiston Milliy universitetida Algebra va funksional analiz kafedrasida professor sifatida o‘rindoshlik asosida pedagogik faoliyat olib bormoqda. U 10 nafar fan doktori va 40 dan ziyod fan nomzodlari tayyorlagan. Ulardan ko‘pchiligi yurtimizdagi va chet ellardagi universitet va ilmiy markazlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishmoqda. O‘zining ilmiy tadqiqotlari natijalari bo‘yicha Sh.А.Аyupov 6 ta monografiya va 300 dan ortiq ilmiy maqolalar eʼlon qilgan. Ularning aksariyati xorijiy davlatlarning nufuzli xalqaro matematik jurnallarida chop qilingan. U oliy o‘quv yurtlarining matematika mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiydigan talabalarga mo‘ljallangan 6 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalarning muallifidir.

Insoniylik sifatlariga ko‘ra Sh.А.Аyupov haqiqiy ziyoli, juda tartibli, yuksak madaniyatli, toza xulq egasi, har doim haqgo‘y va adolatparvar insondir.

Sh.А.Аyupov Fanlar akademiyasi Prezidiumi aʼzosi (1994-2000-yy.), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida fan va taʼlim bo‘limi mudiri (1994-96-yy.), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida bosh maslahatchi (1996-97-yy.), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy Аttestatsiya Komissiyasi (OАK) raisi (1997-2003-yy.), O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining muovini (2003-2004-yy.) sifatida ishlash davomida oliy taʼlim rivojiga, uning kadrlari potensialini mustahkamlashga, Respublikamiz uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash saviyasini oshirishga katta hissa qo‘shgan.

Sh.А.Аyupov “O‘zbek matematika jurnali”, “Matematika instituti byulleteni” va “Fizika, matematika va informatika” jurnallari bosh muharriri, Oliy attestatsiya komissiyasi rayosati aʼzosi hisoblanadi. Hozirda akademik Sh.А.Аyupov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi sifatida butun kuch-g‘ayratini O‘zbekistonda matematika fani va taʼlimi saviyasini ko‘tarish, iqtidorli yoshlarni qidirib topish va fanga jalb qilish uchun sarflamoqda.

Matematika fani rivojiga qo‘shgan katta xizmatlari, samarali pedagogik faoliyati va malakali ilmiy kadrlar tayyorlagani uchun Sh.А.Аyupov 1996-yili “Shuhrat” medali bilan, 2003-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi, 2011-yili esa unga “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni berildi. 2017-yilda akademik Sh.А.Аyupov professorlar O‘.А.Roziqov, B.А.Omirov va K.K.Kudaybergenovlar bilan “Noassotsiativ algebralar, differensiallash va nochiziqli dinamik sistemalar nazariyalarini rivojlantirish” bo‘yicha amalga oshirgan fundamental tadqiqotlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan fan va texnika sohasida Birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Ustozga mustahkam sog‘lik-salomatlik tilab qolamiz!