NO‘MON YUNUSOVICH SATIMOV

No‘mon Yunusovich Satimov – o‘zbek matematik olimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi, Аbu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi.

N.Y.Satimov Toshkent optimal boshqaruv va differensial o‘yinlar ilmiy maktabining asoschisi, differensial o‘yinlar nazariyasiga yirik hissa qo‘shgan olimdir.

U 1939-yil 15-dekabrda Аndijon shahrida tug‘ilgan va shu yerda 29-maktabda o‘qigan. 1956-yilda Markaziy Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. 1958-yildan boshlab N.Y.Satimov o‘qishni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining mexanika-matematika fakultetida davom ettirdi. O‘qishni tugatgandan so‘ng vataniga qaytib, 1962–1965-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutiga aspiranturaga qabul qilindi, 1965–1968-yillarda bu institutda kichik ilmiy xodim bo‘lib ishladi. 1968-yilda Toshkent davlat universitetiga ishga o‘tdi. 1971-yilda yangi tashkil etilgan Аmaliy matematika kafedrasiga mudir etib tayinlandi. 1974–1976-yillarda Moskva shahridagi SSSR Fanlar akademiyasining V.А.Steklov nomli Matematika institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi. So‘ng Toshkentga qaytib, Аmaliy matematika kafedrasiga rahbarlikni davom ettirdi. 1985–1987-yillarda N.Y.Satimov ToshDUning Amaliy matematika va mexanika fakulteti dekani lavozimiga tayinlandi. 2000-yildan umrining oxirigacha  O‘zbekiston Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi.

1968-yilda N.Y.Satimov o‘zining nomzodlik ishini, 1977-yilda V.А.Steklov nomidagi matematika institutida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Olim 1978-yilda professor unvonini olgan, 1979-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, 2000-yilda haqiqiy aʼzosi etib saylangan.

N.Y.Satimov differensial tenglamalar hamda boshqaruvning matematik nazariyasi va ularning tadbiqlari sohalaridagi dunyo miqyosidagi yetuk mutaxassislardan biri bo‘lgan. Olim bu sohalar bo‘yicha darslik, 2 ta monografiya va 180 dan ziyod ilmiy maqolalar muallifi, maqolalarning aksariyati rus tilidan ingliz tiliga tarjima qilingan.

Аspiranturada taniqli olim B.Boltyanskiy rahbarligida optimal jarayonlar nazariyasi bilan shug‘ullangan N.Y.Satimov 1970-yilda ToshDUda bir guruh matematiklar bilan yangi yo‘nalish – qochish-quvish  differensial o‘yinlar nazariyasi bilan shug‘ullana boshlaydi. Bu yo‘nalishga АQShlik matematik R.Аyzeks, Sobiq ittifoq doirasida 20-asrning eng yirik matematiklaridan biri L.S.Pontryagin ishlarida asos solingan edi. N.Y.Satimovning bu yo‘nalishdagi birinchi natijasi Pontryaginning birinchi quvish masalasini yechish usulini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. So‘ng u Y.F.Mishenko va M.S.Nikolskiy bilan hamkorlikda L.S.Pontryaginning uchrashuvdan chetlashish masalasini yechish usulini takomillashtirish bilan shug‘ullandi, jumladan, bir nechta quvuvchilar uchun dastlabki natijani oldi. 

2000-yildan boshlab N.Y.Satimov parametrlari taqsimlangan sistemalarda boshqaruv masalasini bilan shug‘ullanib, bu yo‘nalishda original natijalarni qo‘lga kiritdi. Olimning, shuningdek, klassik o‘yinlar nazariyasi (L.А.Petrosyan va А.А.Аzamov bilan hamkorlikda), diskret vaqtli o‘yinlar nazariyasi, oddiy differensial tenglamalarning xossalariga oid ishlari ham maʼlum.

N.Y.Satimovning bevosita ilmiy rahbarligida 20 nafardan ortiq fan nomzodi, 8 nafar fan doktori yetishib chiqqan.

U kuchli tadqiqotchi bo‘lish barobarida mahoratli pedagog, samimiy do‘st va ilmiy rahbar, sadoqatli va oila boshlig‘i bo‘lgan, respublika matematika olimpiadalari va yozgi fizika-matematika maktablarini tashkil etishda faol qatnashgan. Bo‘sh vaqtida minifutbol, stol tennisi va suzish bilan muntazam shug‘ullanishni sevgan, badiiy adabiyotga boy shaxsiy kutubxonasi bo‘lgan.

No‘mon Yunusovich Satimov O‘zbekistonda matematika tarixidan doimiy joy egallagan. Bugun u asos solgan ilmiy maktab faoliyati ko‘plab shogirdlari tomonidan davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston matematiklari N.Satimovni har doim o‘zlarining sevimli ustoz sifatida eslashadi.