MATEMATIKA HAMMA ANIQ FANLARGA ASOS. BU FANNI YAXSHI BILGAN BOLA AQLLI, KENG TAFAKKURLI BO‘LIB O‘SADI, ISTALGAN SOHADA MUVAFFAQIYATLI ISHLAB KETADI.
KIM MATEMATIKANI BILMASA, HAQIQATNI BILMAYDI. KIM UNI TUSHUNMASA ZULMATDA YASHAYDI.
MATEMATIKANING ASOSIY VAZIFASI BIZNI O’RAB TURGAN TARTIBSIZLIKLARDA YASHIRINGAN TARTIBNI TOPISHDAN IBORAT.
TURSUN АBDURAHIMOVICH АZLAROV
Tursun Аbdurahimovich Аzlarov mamlakatimizning ehtimollar nazariyasi va matematik statistika sohasidagi yetakchi olimi. Uning mazkur fanning zamonaviy, istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha erishgan yutuqlari mutaxassislarga yaxshi ma’lum va ular tomonidan eʼtirof etilgan. T.А.Аzlarov fizika-matematika fanlari doktori (1973), professor (1974), Respublika FА muxbir aʼzosi (1979) va haqiqiy aʼzosi (2000), Аbu Rayhon Beruniy nomli Davlat mukofoti sovrindori (1973), 150 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi (shulardan 40 tasi chet el jurnallarida nashr etilgan).
“Ko‘rsatkichli taqsimot bilan bog‘liq xarakterizatsiya masalalari” monografiyasi ingliz tiliga tarjima qilinib, Germaniyada mashhur Shpringer nashriyotida nashr qilingan (1986), 34 nafar fan nomzodi tayyorlagan, ulardan ikki nafari fan doktori bo‘lib yetishgan. T.А.Аzlarov ommaviy xizmat ko‘rsatish matematik nazariyasiga, ehtimollar nazariyasining limit teoremalariga, taqsimot nazariyasining xarakterizatsiya masalalariga, bir jinsli Markov zanjirlari uchun statistik kriteriylar asimptotik nazariyasiga, tasodifiy sondagi tasodifiy miqdorlar yig‘indisi uchun limit teoremalar hamda ularda yaqinlashish tezligini baholash va asimptotik yoyilmalar olishga, uzluksiz funksiyalarni yaqinlashtirish nazariyasiga salmoqli hissa qo‘shgan olim.
U sermahsul ilmiy faoliyatini samarali pedagogik-metodik va jamoatchilik ishlari bilan birga qo‘shib olib bordi. Uning matematik analizdan original ikki tomli darsligi (dots.X.T Mansurov bilan hamkorlikda) (ikkinchi nashri 1995-1996) matematik mutaxassislar tayyorlash ishiga qo‘shgan katta hissa bo‘ldi. Uning bevosita ishtirokida va tahririda nashr qilingan ikki tomli matematikadan qo‘llanma ham ko‘p yillardan buyon maktab o‘qituvchilarining kundalik foydalanadigan kitoblariga aylangan.
T.А.Аzlarov Vengriya (1969-1974), Yaponiya (1972), Polsha (1976), Bolgariya (1978), Hindiston (1982,1983), Shvetsiya (1988), Misr (1996) va boshqa davlatlarda bo‘lib, u yerda ma’ruzalar o‘qish uchun chaqirilgan hamda xalqaro anjumanlarda ilmiy maʼruzalari bilan qatnashgan.