AHMAD AL –FARG‘ONIY. Oʻrta asrlarda yashagan Markaziy osiyolik olimlar orasida buyuk astronom, matematik va geograf al-Fargʻoniy salmoqli oʻrin egallaydi. Olimning toʻliq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniydir. Manbalarda uning fargʻonalik ekanligidan tashqari deyarli boshqa maʼlumotlar saqlanmagan. Lekin shuni ham eʼtiborga olish kerakki, oʻrta asrlarda musulmon oʻlkalarida boʻlgan anʼanaga binoan, mamlakat poytaxti yoki markazini ham mamlakat nomi bilan atashgan. Masalan, 995 yilgacha Xorazmning poytaxti boʻlgan Kotni, keyingi poytaxti Gurganjni ham Xorazm deyishgan. Baʼzi arab mamlakatlarida bu odat hozir ham saqlanib qolgan. Misr poytaxti Qohiraning Misr, Shom (Suriya) poytaxti Damashqning Shom deyilishi shundan. Ana shu odatga koʻra, oʻrta asrlardagi Fargʻona vodiysining markaziy shahri Axsikatni ham Fargʻona deyishgan. Al-Fargʻoniy Fargʻona vodiysining Qubo (Quva) qishlogʻida tugʻilgan. Shunisi maʼlumki, al-Fargʻoniy xalifa Xorun ar-Rashidning sharqiy yerlaridagi muovini, oʻgʻli Abdullohning (boʻlajak xalifa al-Maʼmunning) Marvdagi olimlari doirasiga kirgan. Ehtimol, Abdulloh yoshligidan bilimga chanqoq boʻlgani uchundir, 806 yili Marvga noyib boʻlib tayinlanganida, Movarounnahr, Xuroson, Xorazmdan olimlarni va isteʼdodli yoshlarni toʻplay boshlagan. Bu olimlarning asosiy qismi Abdulloh u yerga kelganidan avvalroq toʻplangan boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas, chunki Marv avvaldan, Sosoniylar davridanoq yirik ilmiy markaz hisoblangan. 651 yili eng soʻnggi Sosoniy shahanshoh Yazdigard ibn Shahriyor arablar taʼqibidan qochib bu yerga kelganida poytaxtdagi kutubxona kitoblarini ham olib kelganligi maʼlum. Marv arablar qoʻl ostida ham oʻz mavqeini yoʻqotmadi, aksincha to moʻgʻul isilosigacha oʻsa bordi. Shunga koʻra, uning IX asr boshida xalifalikning yirik ilmiy va madaniy markazi boʻlganligi tabiiydir.

Xalifa Xorun ar-Rashid 809 yili Tusda toʻsatdan vafot etadi va uning vasiyatiga koʻra Bagʻdodda taxtga katta oʻgʻli – Muhammad al-Amin nomi bilan oʻtiradi. Saroydagi xurosonlik aʼyonlar esa Abdullohni taxtni qoʻlga olishga daʼvat etadilar. 811 yildan 813 yilgacha aka-uka Muhammad va Abdulloh oʻrtasida taxt uchun olib borilgan kurash Abdullohning gʻalabasi bilan tugaydi va Muhammad katl qilinadi. Oʻsha yili Abdulloh taxtga al-Maʼmun nomi bilan oʻtiradi. Lekin u Bagʻdodga bormay 819 yilga qadar Marvda yashaydi. Natijada, Marv 813 yildan to 819 yilgacha xalifalikning vaqtincha poytaxti boʻlib turadi. 819 yili al-Maʼmun butun saroy aʼyonlari va ulamolari bilan birga Bagʻdodga koʻchadi. Ular orasida al-Fargʻoniy ham bor edi. Shunday boʻlsa ham al-Maʼmun qoʻl ostida u tuzgan ilmiy markaz “Bayt ul-hikma”da ishlagan olimlar orasida al-Fargʻoniyning nomi eslatilmaydi. Buning sababi, bizningcha, shunday boʻlishi mumkin: u davrda xalifalikda ikkita rasadxona faoliyat olib borardi, biri Bagʻdodning ash-Shammosiya mahallasida va ikkinchisi Damashq yaqinidagi Kasiyun tepaligida edi. Bu rasadxonalarning har birida “Bayt ul-hikma” olimlarining ikkita doimiy guruhlari ishlar edi. Ana shu olimlarning oʻzi rasadxonalari hojatidan kelib chiqib, ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirardilar va umumiy rahbarlik Bagʻdoddan turib boshqarilardi. Balki al-Fargʻoniy Damashqdagi olimlar guruhida boʻlishi, al-Maʼmun uni Bagʻdodga kelishi bilanoq u yerga yuborgan boʻlishi mumkin. Abu Rayhon Beruniyning bir xabari shunday taxminga asos boʻladi. Uning aytishiga koʻra, Bagʻdod rasadxonasining ishida Yahyo ibn Abu Mansur, al-Xorazmiy va boshqa olimlar, Damashq rasadxonasida esa Xolid ibn Abdumalik va al-Fargʻoniy bilan birga ikkinchi guruh olimlar ishlaganlar U shuningdek, al-Fargʻoniyning Suriya shimolida, Sinjor sahrosida 832 – 833 yillar Tadmur va ar-Raqqa oraligʻida yer meridiani bir darajasining uzunligini oʻlchashda ishtirok etganini ham aytgan.

Yevropa olimlaridan Dalamber, Brokelman, X. Zuter, I. Yu. Krachkovskiy, A. P. Yushkevich va B. A. Rozenfeldlar al-Fargʻoniyning ijodini yuqori baholaganlar. Hozirgi kunda al-Fargʻoniyning sakkiz asari maʼlum boʻlib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador va birortasi hozirgi zamon tillariga tarjima qilinmagan. Ular quyidagilardir: yuqorida tilga olingan asar, odatda uni “Astronomiya asoslari haqida kitob” nomi bilan ham atashadi – qoʻlyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. “Asturlob yasash haqida kitob” – qoʻlyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron qutubxonalarida, “Asturlob bilan amal qilish haqida kitob” – birgina qoʻlyozmasi Rampurda (Hindiston), “Al-Fargʻoniy jadvallari” – qoʻlyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Yer ostida va ustida boʻlish vaqtlarini aniqlash haqida risola” – qoʻlyozmasi Qohirada, “Yetti iqlimni hisoblash haqida” – qoʻlyozmalari Gotada va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” – qoʻlyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi. “Al-Xorazmiy “Zij”ining nazariy qarashlarini asoslash” asari Beruniy tomonidan eslatiladi, lekin qoʻlyozmasi topilmagan. Al-Fargʻoniyning bu roʻyxat boshidagi ikki asaridan boshqalari hali hech kim tomonidan oʻrganilmagan. Shubhasiz, ular oʻrganilib tahlil qilinishi bilan al-Fargʻoniy ijodining yangi qirralari ochiladi va olimning oʻrta asrlarda, undan keyin Sharq va Gʻarbda bu qadar mashhur boʻlishi sabablari ham ayon boʻladi. Aytganimizdek, mazkur asarlarning birinchisi 1145 yildan boshlab lotin tiliga bir necha marta tarjima qilingan. Bu tarjimalarning barchasida al-Fargʻoniy ismi lotinchada “Alfraganus” shaklida yozilib, shu shaklda fanga abadiy kirib qoldi. Al-Fargʻoniyning bu asari astronomiyadan eng sodda darslik boʻlib, unda murakkab geometrik shakllar va matematik formulalar, hisoblashlar keltirilmagan. Bu esa astronomiyadan boshlangʻich maʼlumotlarni oʻzlashtirishni ancha osonlashtirgan. Balki buyuk Regiomontan asarning shu xususiyatini anglab, oʻzining universitetlardagi maʼruzalari uchun koʻllanma sifatida al-Fargʻoniyning ana shu asarini tanlagandir.

Fargʻoniyning nomi Xorazmiy kabi butun Sharq va Gʻarbda mashhurdir. Oʻrta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olim sifatida manbalarda, soʻnggi Gʻarb va Sharq mualliflari asarlarida, oʻz yurti Oʻzbekistonda, ayniqsa, zoʻr gʻurur va iftixor bilan tilga olinadi, oʻrganiladi, hozirgi kunda koʻchalar, oʻquv yurtlariga uning nomi berilgan. 1998 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan allomaning 1200 yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.