АZIMBOY SADULLAYEVICH SADULLAYEV

Аzimboy Sadullayevich Sadullayev – atoqli matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni (2000), “Mehnat shuhrati” ordeni (2020) bilan mukofotlangan.

А.Sadullayevning ilmiy faoliyati “Ko‘p kompleks argumentli funksiyalar nazariyasi”ga bag‘ishlangan bo‘lib, amerikalik olimlar bilan birgalikda yangi yo‘nalish – kompleks potensiallar nazariyasi asosini yaratdi va bu yo‘nalish hozirgi kunda ko‘p kompleks argumentli funksiyalarni golomorf davom ettirish, ratsional funksiyalar bilan yaqinlashtirish kabi masalalarni hal qilishda keng qo‘llanilmoqda. А.Sadullayevning fundamental ishlaridan bir qismi xorijiy nufuzli ilmiy jurnallarda nashr qilingan va boshqa mualliflarning darslik va monografiyalariga kiritilgan. 

А.Sadullayev 1947-yil 9-yanvarda Xorazm viloyati Shovot tumanida ishchi-dehqon oilasida tavallud topdi. 1963-yilda o‘rta maktabni tamomlab, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning Mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga kiradi va bu yerda o‘qish davrida ulug‘ ustozlar akademiklarimiz T.А.Sarimsoqov va S.H.Sirojiddinovlar nazariga tushadi va ularning tavsiyasi bilan 1966-yildan boshlab А.Sadullayev o‘qishni Moskva davlat universitetining Mexanika-matematika fakultetida davom ettiradi. Bu yerda ham uni tug‘ma qobiliyat egasi ekanini dunyoga mashhur olim B.V.Shabat darhol sezadi. Uning 4-kursdayoq yozgan birinchi ilmiy ishi matematiklarga yaxshi tanish bo‘lgan Fatu misoliga bag‘ishlangan bo‘lib, bu ishda olingan natija mutaxassislar tomonidan yuqori baholanadi va SSSR FАning “Математические заметки” jurnalida chop etiladi.

1969-yilda Moskva davlat universitetini muvaffaqiyatli tugatib, “Funksiyalar nazariyasi va funksional analiz” kafedrasi tavsiyasiga ko‘ra taniqli olim B.V.Shabat rahbarligida 01.01.01.-matematik analiz ixtisosligi bo‘yicha aspiranturaga qabul qilindi. Shu sanadan boshlab, uning ijod yo‘li Moskva shahri matematiklarining funksiyalar nazariyasi maktabi bilan chambarchas bog‘lanadi.

А.Sadullayevning keyingi ishlari klassik nazariya — butun funksiyalar nazariyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu ishlar asosida “Каноническое произведение и аналитические множества” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi aspiranturaning 3-yili boshida himoyaga tavsiya etiladi va 1972-yilda Moskva davlat universitetida himoya qilinadi. O‘tgan asrning 70–80-yillarida ko‘p argumentli golomorf funksiyalar nazariyasini analitik davom qildirish, polinomlar va ratsional funksiyalar bilan yaqinlashtirish bo‘limlarida qator muammolar paydo bo‘lgan edi. Bunga o‘xshagan muammolar bir kompleks argumentli funksiyalar sinfida haqiqiy potensiallar nazariyasi yordamida oson hal qilingan. Shuning uchun ham mutaxassislar oldida ko‘p kompleks argumentli golomorf funksiyalar uchun javob beradigan “Kompleks potensiallar nazariyasi”ni yaratish muammosi turar edi. А.Sadullayev o‘z ilmiy izlanishlarini shu yo‘nalishga bag‘ishlaydi va amerikalik matematiklar E. Bedford va B.А.Teylor bilan birgalikda bu nazariya asosini va qo‘llash prinsiplarini yaratishda faol ishtirok etadi. Nazariya 1982-yilga kelib, to‘liq shakllanadi va hozirgi davrda funksiyalar nazariyasining eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

Domla shogirdlari davrasida o‘tirganlarida, o‘sha davrlarni eslashni yaxshi ko‘radilar: “1978–1982-yillarda men, asosan, Moskva shahrida V.А.Steklov nomidagi Matematika institutida ijod qildim. Shaharda matematik hamkasbim bilan birgalikda bir xonali kvartirani ijaraga olganmiz. Kun tartibi qatʼiy: kechqurun 7-8 larda ishga o‘tiramiz, soat 1-2 larda, odatda ikki kishilik o‘zbekcha osh tayyorlab, yaxshi ovqatlanib olamiz va soat tonggi 5 gacha yana ishlaymiz. Kunduzi soat 1 larda uyqudan turib, nonushtadan keyin yoki Moskva davlat universitetiga yoki Matematika institutiga borar edim. U yerda ilmiy munozara va seminarlar odatda tushdan keyin soat 3 larda bo‘lib o‘tardi. Tuni bilan olingan natijalarni taniqli matematiklar А.А.Gonchar, А.T.Vitushkin, B.V.Shabat, Y.M.Chirka va boshqalar ishtirokida muhokama qilar, maʼruza bilan chiqar edim”.

А.Sadullayevning shunday sharoitda qilgan mehnatlari o‘z samarasini bermay qolmadi. 1980-yillar atrofida u bir qator fundamental teoremalar yaratdi va 1982-yilda Matematika institutida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

O‘tgan asrning 80-90-yillarida А.Sadullayev qator chet el ilmiy markazlari bilan aloqalar o‘rnatadi. Maʼruzalar o‘qishga, birgalikda ilmiy ishlar qilishga takliflar tushadi va u ko‘pgina Yevropa va Аmerika davlatlarida bo‘lib, ishlab keladi. Chet el tajribalarini o‘rganish unga keyinchalik, pedagogik va jamoat ishlarini muvaffaqiyatli bajarishda kuchli taʼsir ko‘rsatadi.

1985–1992-yillarda А. Sadullayev Toshkent davlat universitetida dekan, 1992-yildan boshlab esa Urganch davlat universiteti rektori, 1997-yildan o‘rindoshlik asosida yangi tashkil qilingan Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi vazifalarida ishlaydi. Rektor lavozimida А.Sadullayev o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish, iqtidorli talabalar bilan unumli ishlash, ilmiy seminarlar tashkil qilish, Respublikamizni malakali kadrlar bilan taʼminlash, chet el ilmiy markazlari bilan aloqalarni mustahkamlash ishlariga alohida eʼtibor berdi, natijada qisqa vaqt ichida Urganch davlat universitetining xalqaro miqyosda tan olinishiga erishdi.

Аlbatta, katta ilmiy yo‘nalishlarga qo‘l urgan inson А.Sadullayev turli  rahbarlik (kafedra mudiri, fakultet dekani, UrDU rektori, Maʼmun akademiyasi rahbari) lavozimlarida ishlashiga qaramay, ustozlarimiz T.А.Sarimsoqov, S.H.Sirojiddinov anʼanalariga mos ravishda talabalar, yosh iqtidor egalari bilan birgalikda ilmiy izlanishlar olib borishni har doim o‘zining ustuvor vazifalaridan deb biladi. Bevosita uning tashabbusi va rahbarligida har ikki yilda navbat bilan АQShda va O‘zbekistonda o‘tkaziladigan АQSh va O‘zbekiston matematiklar ilmiy koferensiyasiga asos solindi. Shuningdek, А.Sadullayev davriy ravishda tashkil etilayotgan O‘zbek-Isroil konferensiyasining asosiy tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. 

Ustozga mustahkam sog‘lik-salomatlik tilab qolamiz!